Farg‘ona davlat texnika universitetida tahsil olayotgan talaba-yoshlar, abituriyentlar va ularning hurmatli ota-onalariga

Universitet rektori Salomov O‘ktam Rahimovichning

 

 MUROJAATI

Hurmatli yurtdoshlar!

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri — raqobatbardosh, salohiyatli va keng dunyoqarashga ega kadrlarni tayyorlash sanaladi. Bu yo‘lda zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalar va fundamental tadqiqotlar asosiy tayanch sifatida qaralmoqda.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi “Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Farg‘ona politexnika instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona davlat texnika universiteti tashkil etildi. Bu tarixiy qaror — viloyatimizda oliy ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va texnologik taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim islohotlardan biridir.

Bu boradagi islohotlar mamlakatimizda kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga jadal tatbiq etishda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Farg‘ona davlat texnika universiteti — muhandislik sir-asrorlarini o‘rgatishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi. Ammo, insoniyat zimmasidagi aksariyat og‘ir yumushlar robotlarga yuklanayotgan, o‘ta mas’uliyatli vazifalarning bir qismi sun’iy intellekt ixtiyoriga topshirilayotgan bugungi globallashuv davrida an’anaviy ta’lim yondashuvlari bilan peshqadamlikka erishib bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, universitetimiz mas’ullari xalqaro talablarga mos raqobatdosh kadrlar tayyorlash uchun ilg‘or va zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etmoqda.

Farg‘ona davlat texnika universiteti — muhandislik sohasida chuqur bilim beruvchi yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalar asosida o‘quv jarayonini tashkil etmoqda. Bugungi globallashuv sharoitida robototexnika, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar olamida peshqadam bo‘lish — aynan shunday yangicha yondashuvlarni talab qilmoqda.

Bugungi kunda universitetda 1054 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 43 nafar fan doktori, 225 nafar fan nomzodi mavjud bo‘lib, yosh avlodga zamonaviy ta’lim va ilm-fan asoslarini o‘rgatishmoqda.

Fan va ta’lim integratsiyasini chuqurlashtirish, ilmiy izlanishlarni rivojlantirish maqsadida 7 ta fakultet zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritmoqda. 2024/2025-o‘quv yilida 67 ta bakalavriat, 42 ta magistratura va 44 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida universitetda Yevropa kredit-modul (ECTS) tizimi joriy qilinib, talabalar uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan kredit almashinuvi imkoniyati yaratildi. Darsliklar xalqaro standartlarga moslashtirilgan bo‘lib, nufuzli tashkilotlar tomonidan e’tirof etilgan.

Mashg‘ulotlar faqat nazariy bilimlar bilan cheklanmay, amaliy mashqlar va loyihalar orqali boyitilmoqda. Talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyati muntazam ravishda rag‘batlantirilmoqda. Bu yo‘nalishda universitetimiz tasarrufidagi 332 mingdan ortiq adabiyotga ega Axborot-resurs markazi, shuningdek, 110 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari va 20 dan ortiq xalqaro tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda, 3 ta yetakchi xorijiy universitet bilan qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilgan bo‘lib, bu talabalarimizga xalqaro darajadagi bilim va tajribani egallash imkonini bermoqda.

Bugungi kunda AQSH, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Koreya, Fransiya, Rossiya, Portugaliya, Latviya va boshqa davlatlarning yetakchi olim va mutaxassislari universitetimizda dars bermoqda. Shuningdek, talabalar uchun sport, madaniy-ma’rifiy va ilmiy to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, xalqaro tanlovlar uchun jamoalar shakllantirilgan.

2021-yil 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalari huzurida ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish vazifasi belgilandi. Mazkur topshiriq asosida Farg‘ona davlat texnika universitetida 17 ta markaz tashkil etildi. Ular qatorida media-markaz, qurilish materiallari markazi, AKT inkubatsiya markazi, til o‘rgatish markazi, loyihalashtirish markazi va boshqalar mavjud.

Shuningdek, xorijiy tajriba asosida 11 ta “Spin-off” korxona yo‘lga qo‘yildi. Bu korxonalar nafaqat tajriba va amaliyot maydonchasi, balki o‘ziga xos daromad manbai sifatida ham xizmat qilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, ilm-fan amaliyot bilan uyg‘unlashgan taqdirdagina natija beradi. Ilmiy izlanishlar, zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajribalarni chuqur o‘rganish orqali universitetimiz o‘z oldiga qo‘ygan yuksak strategik maqsadlariga izchil erishmoqda.

Farg‘ona davlat texnika universiteti – bu ishonchli ta’lim maskani, mustahkam zaminga qurilgan kelajak garovidir!

Hurmat bilan, Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Salomov O‘ktam Rahimovich!