Moliya va buxgalteriya hisobi kafedrasi



Kafedra mudiri

i.f.d., dotsent Xojayev Azizxon Saidaloxonovich

Qabul vaqti: Dushanba-Juma (14:00-16:00 gacha)

Telefon: (99890) 2743399

E-mail: a.xojayev@ferpi.uz

 

 

 

“Moliya va buxgalteriya hisobi” kafedrasi universitetning “Qurilish iqtisodi” kafedrasi tarkibidan 1975 yil dekabr oyida “Buxgalteriya hisobi va xo’jalik faoliyati tahlili” nomi bilan ajralib chiqdi. Kafedra tashkil topgan paytdan hozirga qadar “Buxgalteriya hisobi va audit” yo‘nalishida 3000 ortiq, “Moliya” mutaxassisligi bo‘yicha 400 dan ziyod malakali diplomli mutaxasislar va bakalavrlar, 30 dan ortiq magistrlar tayyorlangan. Hozirgi kunda kafedrada respublika iqtisodiyot tarmoqlari uchun 60410100-Buxgalteriya hisobi, 6041050-Moliya va moliyaviy texnologiyalar, 60410600-Bank ishi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali bakalavrlar, 70110201-Buxgalteriya hisobi magistratura mutassisligi hamda 08.00.08 - “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit” tayanch doktorantura (PhD)da kadrlar tayyorlab kelmoqda.

Kafedra rivojlanishining birinchi, tashkillash bosqichida (1975−1985 yillar), asosiy e’tibor o’quv-uslubiy, moddiy-texnik bazani tashkil etishga va professor-o’qituvchilar tarkibini shakillantirishga qaratildi. 1976 yili “Buxgalteriya hisobi va xo’jalik faoliyati tahlili” mutaxassisligi bo’yicha ilk mutaxassislar chiqarildi. Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetining “Buxgalteriya hisobi va xo’jalik faoliyati tahlili” kafedrasi mudiri, professor Saidkarim Boboxonovich Qodirxonov shu yildan boshlab kafedrani otaliqqa olib, o’quv-uslubiy, ilmiy ishlarni tayyorlashga amaliy yordam berdi. Olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari bo’yicha Leningrad moliya-iqtisod institutida N. Toshmamatov, Moskva davlat universitetida R. Temirbulatov, Moskva texnologiya institutida esa O. Qodirovalar nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildilar.

Kafedra rivojlanishining ikkinchi bosqichi (1985−1995 yillar), kafedraning butunlay rivojlanish bosqichi bo’lib, ishlab chiqarishdan iqtisod fanlari nomzodlari O. Umarov, I. Yormatov, X. Qo’chqorov, Samarqand kooperativ institutidan iqtisod fanlari nomzodi, dotsent X. Qayumovlar ishga taklif qilindi. Bu bosqichda kafedra to’liq shakllanib, iqtidorli,  malakali o’qituvchilar bilan to’ldirildi, moddiy−texnik bazasi kuchaytirildi, respublika va viloyatning ilg’or sanoat va maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari bilan va Sobiq ittifoqning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Moskva moliya akademiyasi, Moskva xalqaro iqtisodiy munosabatlar  instituti va Plexanov nomidagi Moskva iqtisodiyot akademiyasi, Leningrad moliya-iqtisod instituti, Moskva texnologiya institutlari bilan o’zaro manfaatli aloqalar o’rnatildi. SHu yillar davomida yetakchi markaziy oliy o’quv yurtlaridan professor Narinskiy A.S., professor Larionov A.D. va boshqalar o’quv-uslubiy ishlarni amalga oshirish uchun institutga tashrif buyurishib, talabalarga “Buxgalteriya hisobi” fani bo’yicha qiziqarli ma’ruzalar o’qishgan.

1990-1995 yillarda kafedraning 9 nafar o’qituvchisi respublika va Rossiya Federatsiyasi oliy o’quv yurtlariga aspiranturaga jo’natildi. Ularning 7 nafari nomzodlik dissertatsiyasini muvofaqqiyatli himoya qilishdi.

1993 yilda kafedra qoshida yangi “Moliya va kredit” mutaxassisligi ochildi. Mazkur yo’nalishda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida kafedra tarkibidan “Moliya va statistika” kafedrasi ajralib chiqdi. Ushbu kafedraning faoliyati davomida moliya va kredit yo’nalishlari bo’yicha 500 dan ortiq malakali mutaxassislar tayyorlandi.

Kafedrada tayyorlanayotgan mutaxassislar viloyat, respublika va xalqaro tanlovlarda, Olimpiadalarda muntazam qatnashib, sovrinli o’rinlarni qo’lga kiritishgan. 2002 yilda 29-98 guruhi talabasi Nilufarxon Tursunboeva institutimiz tarixida birinchi bo’lib Prezident stipendiyasi sohibasi bo’ldi. Yo’nalish talabalari turli yillarda Beruniy, Ulug’bek kabi nomdor stipendiyalari sohibi, turli tanlovlar g’olibi  bo’lishgan. 1992-2010 yillar davomida 10 dan ziyod yo’nalish talabalari G’arb mamlakatlarining nufuzli oliy o’quv yurtlarida bakalavariat va magistraturada o’qishni davom ettirish uchun yuborildi. 

Kafedra rivojlanishining uchinchi bosqich (1995-2016 yillar) kafedraning yuksalish davri bo’lib, Samarqand kooperativ institutidan professor D. Qudbiev va dotsent I. Ismanovlar ishga taklif qilindi. Natijada kafedraning ilmiy-pedagogik potentsiali yanada mustahkamlandi.

2008-2009 yillar davomida kafedra a’zolaridan I. Ismanov va Z. Qurbonovlar doktorlik dissertatsiyasini, Q.Qunduzova, O.Toshpulatov, Sh.Qudbievlar nomzodlik dissertatsiyasini muvofaqiyatli himoya qildilar.

Bugungi kunda o’zaro manfaatli shartnomalar asosida O’zbekiston auditorlar palatasi Farg’ona viloyat bo’limi, Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi, Farg’ona viloyat g’aznachilik boshqarmasi, Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi va “Farg’ona azot” AJ, UZSANGWOO qo’shma korxona MCHJ, “KVARS” AJ, kabi kadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Respublikaning yetakchi ilmiy markazlari, Toshkent Davlat iqtisodiyot unversiteti, Toshkent moliya instituti, O’zbekiston milliy unversiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Belgorod kooperatsiya, iqtisodiyot va huquq universiteti hamda Rossiya kooperatsiya universiteti bilan ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, ma’ruzalar o’qish, o’quv-uslubiy ko’rsatmalar tayyorlash ishlari bo’yicha yangi aloqalar yo’lga qo’yildi.  

1999 yili professor S.B.Qodirxonovning xotirasiga bag’ishlab “Bozor munosabatlari sharoitida buxgalteriya hisobi va moliya-kredit tizimini takomillashtirish muammolari” mavzusida, 2011 yili “Mamlakatni modernizatsiyalash  sharoitida buxgalteriya hisobi,   iqtisodiy tahlil va auditning roli” Respublika ilmiy-amaliy konferentsiyalari o’tkazildi.

Kafedra 2000 yildan muqaddam hozirga qadar muntazam seminarlar, auditorlik va g’aznachilik o’quv kurslari, “Moliyaviy hisob”, “Boshqaruv hisobi”, “Audit”, “Soliq va huquq” fanlaridan treninglar o’tkazib tashkil etib kelinmoqda. Kafedraning professor-o’qituvchilari tomonidan oliy o’quv yurtlari bakalavr talabalari uchun “Sud buxgalteriya-ekspertizasi”, “Audit” va “Buxgalteriya hisobi nazariyasi” fanlaridan darslik, Respublika kasb-hunur ta’limi o’quvchilari uchun  “Audit”,  “Buxgalteriya hisobi nazariyasi” fanlaridan o’quv qo’llanma va “Audit” fanidan darslik, 5 ta monografiya, 50 dan ziyod o’quv-uslubiy ishlanmalar tayyorlanib chop etildi. Turli darajadagi ilmiy-amaliy konferentsiya materiallarida kafedra a’zolarining 300 dan ziyod ilmiy maqolalari chop qilingan.

Kafedra rivojlanishining to‘rtinchi bosqichi (2017 yildan hozirgi vaqtgacha) Ushbu davrda 2 ta fan doktori 5 ta PhD lar ximoya qilishdi. Shuning 2022 yildan boshlab kafedrada 6041050-Moliya va moliyaviy texnologiyalar, 60410600-Bank ishi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali bakalavrlar, 70110201-Buxgalteriya hisobi magistratura mutassisligi, 2020 yildan 08.00.08 - “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit” tayanch doktorantura (PhD) ilmiy kengash faoliyatini yurita boshladi.

Shuningdek, tayanch doktorantura o‘rtacha 6 tadan joy ajratilib, davlat byudjeti asosida tayanch doktorantlar qabuli amalga oshirildi.

Hozirgi kunda kafedrada 21 nafar professor-o’qituvchilar, 2 nafar fan doktori, professor, 3 nafar fan nomzodi, dotsent, 7 ta katta o’qituvchi,  3 ta assistent faoliyat olib bormoqda.

Kafedraga 2004-2010 yillarda i.f.d., prof. D.Qudbiyev, 2010-2012 yillarda i.f.n., dots. N.Toshmamatov, 2012-2017 yillarda i.f.n., dots. A.Tashpulatov rahbarlik qilgan. 2017-2024 yillarda i.f.d., professor I.N.Ismanov, 2024-yildan buyon i.f.d., dotsent A.S.Xojayev rahbarlik qilib kelmoqda.

Bakalavriat

60410100 - Buxgalteriya hisobi

6041050-Moliya va moliyaviy texnologiyalar

60410600-Bank ishi

TAYANCH DOKTORANTURA

08.00.08.- “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit”

Foydali havolalar

Farg'ona davlat texnika universiteti