Tadqiqotchilar uchun


Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son 
OʻZBEKISTON IQTIDORLI YOSHLARINI TAQDIRLASH VA MODDIY RAGʻBATLANTIRISH TOʻGʻRISIDAgi qaroriga 1-ILOVA

Tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari davlat oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining soʻnggi oʻquv yilida tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlarga (keyingi oʻrinlarda — tayanch doktorantlar deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida tanlab olish natijalariga koʻra tayinlanadi.

2. Tayanch doktorantlarga tayinlash uchun belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari kvotasi (oʻnta) Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxatiga muvofiq har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tanlov yoʻnalishlari boʻyicha (har bir tanlov yoʻnalishiga bittadan stipendiya hisobidan) taqsimlanadi.

3. Tayanch doktorantlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi mezonlar belgilanadi:

  • yetakchi ilmiy nashrlarda (kamida ikkita) ilmiy maqolalar eʼlon qilingan boʻlishi;
  • Oʻzbekiston tarixini bilish;
  • xalqaro konferensiyalar bosma nashrlarida maqolalar eʼlon qilingan boʻlishi;
  • barcha malakaviy imtihonlarni “aʼlo” bahoga topshirish;
  • dissertatsiyaning tayyorlik darajasi (dissertatsiyaning tayyorlik darajasi kamida 70 foiz boʻlishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzod koʻrsatgan muassislarning tegishli xulosasi bilan tasdiqlanishi kerak);
  • tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi taʼlim yoʻnalishi yoki magistraturadagi ixtisoslik (tayanch doktoranturadagi tadqiqot obyekti) xorijiy til hisoblangan alohida hollarda esa qoʻshimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi.
  • Tillarni, axborot texnologiyalarini, Oʻzbekiston tarixini bilishga talablar darajasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi belgilaydi.
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalariga talabgorlar ushbu fanlar boʻyicha bilim darajasini aniqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida maxsus test sinovidan oʻtadilar. Markaz yakuniy vedomostlarni test sinovlari natijalari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga topshiradi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun tayanch doktorantlar nomzodlarini koʻrsatadigan davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda, talabgorlar ishlarining dolzarbligini, ularning shaxsiy hissasini, oʻtkazilgan tadqiqotlarning muhimligini oldindan ekspertizadan oʻtkazadilar, dissertatsiya tadqiqotlari mavzusi boʻyicha tayanch doktorantlar ilmiy axborotlarining ommaviy muhokamasini tashkil qiladilar, ularning umumiy ilmiy tayyorgarligini, dissertatsiyaning tayyorlik darajasini, talabgorlarning maʼnaviy-axloqiy sifatlarini baholaydilar va har bir nomzod boʻyicha asoslangan xulosa qabul qiladilar.

5. Ilmiy-tadqiqot ishlarining mufassal annotatsiyalari ikki nusxada, matnga tegishli koʻrgazmalar bilan birga dastlabki koʻrib chiqish uchun davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashiga taqdim etiladi.

Ishga quyidagilar ilova qilinadi:

  • mazkur soha yetakchi mutaxassislarining fikr-mulohazalari;
  • ilmiy ishlar roʻyxati;
  • ilmiy maqolalarning bosma nusxasi, mualliflik guvohnomalarining nusxalari, ilmiy ish natijalaridan foydalanish haqidagi dalolatnomalar.
  • Ishning (annotatsiyaning) har bir nusxasi yuqorida sanab oʻtilgan hujjatlar bilan birga muqovalangan yoki jildga joylangan boʻlishi kerak. Muqovada yoki jildda ishni taqdim qilgan muassasaning nomi, talabgorning ismi, familiyasi va otasining ismi, ishning nomi koʻrsatiladi.
  • Boshqa hujjatlar, qoʻshimcha chizmalar, sxemalar, xaritalar, albomlar, suratlar va shu kabilar bir nusxada taqdim etiladi.

6. Ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish orqali, oddiy koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladilar.

Ilmiy kengashlarning qarorlari vazirliklar va idoralar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash haqida tavsiyanomalar joʻnatish uchun asos hisoblanadi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi vazirliklar va idoralarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash toʻgʻrisidagi tavsiyalarini har yili bir marta — dekabr oyida koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qaror qabul qiladi. Hujjatlar 1—31-oktabrda qabul qilinadi, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, Oʻzbekiston tarixi boʻyicha maxsus test sinovlari 1—30-noyabrda oʻtkaziladi.

8. Tayanch doktorantlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hayʼati qarori asosida amalga oshiriladi.

Stipendiyalarni tayinlashdan avval talabgorlarning maxsus va umumilmiy tayyorgarlik darajasi hamda maʼlumotlarining belgilangan mezonlarga muvofiqligi puxta ekspertizadan oʻtkaziladi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi yetakchi olimlar va mutaxassislardan iborat tarkibda maxsus tanlov komissiyasi tuzadi, uning zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalariga talabgorlar oʻrtasida saralash tanlovi oʻtkazish yuklanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tanlov komissiyasi talabgorlarning yakuniy tanlovini yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazadi va agar har bir ishga ovoz berishda qatnashgan komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi maʼqullab ovoz bersa nomzod tayanch doktorantlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun tavsiya qiladi.

Ovoz berishdan soʻng talabgorlar soni belgilangan oʻrinlar kvotasidan koʻp boʻlgan taqdirda ustunlik eng koʻp ovoz olgan talabgorlarga beriladi.

Tanlov komissiyasining qarori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qarori davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun tayanch doktorantlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash va toʻlash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishda asos boʻladi.

Stipendiyalar har yili tayanch doktorantning tayanch doktoranturaning oxirgi kursidagi oʻqish davri uchun, stipendiyaning ikki barobari miqdorida qatʼiy muvofiq holda tayinlanadi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohibi boʻlgan tayanch doktorantlarga “Prezident stipendiyasining sohibi” guvohnomalari beriladi. Guvohnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hayʼati majlisida tantanali vaziyatda topshiriladi.

13. Shaxsiy rejalarni bajarmagan va ilmiy odob-axloqqa rioya qilmagan tayanch doktorantlar tasarrufida tayanch doktorant oʻqiyotgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarning taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hayʼati qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalaridan mahrum qilinishi mumkin.

14. Bahsli masalalar, ariza va shikoyatlar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.