So‘nggi yillarda aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda. Qimmatbaho navli daraxt va butalar kesilishiga moratoriy joriy qilinishi, daraxt kesganlik holatlari uchun jarima va kompensatsiyalar miqdorining oshirilishi shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida, butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etildi.

Loyiha doirasida bugun respublikamizning 14 ta oliy taʼlim muassasasida koʻchat ekish marafoni boʻlib oʻtdi. Farg’ona politexnika instituti Viloyat  Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda ushbu marafonda faol ishtirok etishdi. Mazkur loyiha doirasida institut rektori O’ktam Salomov boshchiligida  taʼlim muassasaning ko'ngilli jamoasi qatnashib, oliygoh hududiga 500 dan ziyod manzarali daraxtlar koʻchatlarini ekishdi.

 Quvonarli jihati shundaki, ushbu marafonda qo’shni Qozog’iston Respublikasi Chimkent shahridagi M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog’iston davlat universiteti vakillari ham faol ishtirok etishdi. Ushbu loyihalar daraxtzorlarni ko’paytirish, ekish va parvarish qilish, tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarni aniqlash, hududlarda “Yashil bog’” va “Yashil jamoat parklari”ni barpo qilish va havoni zaharli gazlardan himoyalashga qaratilgan.

Eslatib o’tamiz, oliygoh hududida shu kunga qadar mazkur loyiha doirasida 7503 ta turli xildagi ko’chat va daraxtlar ekildi. Bugungi marafonda ham talaba yoshlar o’zlarining mehnati orqali, oliygohni yashil makonga aylantirishga o’z hissalarini beminnat qo’shishdi.

Foydali havolalar

Farg'ona davlat texnika universiteti