Inson umri davomida jamiyatda ijtimoiy foydali faoliyat bilan shug‘ullanar ekan, bu jarayonda uning shaxsiy manfaatlari bilan xalq manfaatlari to‘qnash kelishi tabiiy holatdir. Bunday vaziyatda millat kelajagini, davlat va jamiyat manfaatlarini hamda vijdonini o‘zining nafsidan, mol-dunyoga bo‘lgan xoy-havaslaridan, umuman, o‘z manfaatlaridan ustun qo‘ymay turib Vatan ravnaqiga hissa qo‘shib bo‘lmaydi. Buning uchun insonda yuksak ma’naviyat va uning negizida yuksak huquqiy madaniyat shakllangan bo‘lishi kerak.
Biroq insonning ana shunday oliy maqsadlarga bo‘lgan intilishiga to‘siq bo‘luvchi va unga xavf soluvchi bir illat borki, u “korrupsiya” deb yuritiladi. Korrupsiya xalqona tilda sodda qilib aytganda, insonni o‘z nafsi yo‘lida xizmat yoki mansab mavqyeidan foydalanib moddiy naf yoki nomoddiy manfaat ko‘rishidir.
Ushbu illatga qarshi keskin kurashmay turib davlat va jamiyatni rivojlantirish mumkin emasligini kundalik xayotning o‘zi isbotlab berdi. Shu boisdan, 2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul kilindi. Ushbu qonunning asosiy maqsadi ham korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Mazkur qonunda korrupsiya tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan bo‘lib, korrupsiya - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqyeidan foydalanib o‘zinig shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy manfaat olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishdir.
Ushbu qonunning qabul qilinishi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Unga ko‘ra jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyani oldini olishga doir chora tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularga imkon beruvchi sabablar va shart sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huqubuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikning muqarraligi prinsipini ta’minlashdan iboratdir.
Shunga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari bilan unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika Idoralararo komissiyasi tashkil etildi.
Sudyaning sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga bo‘lgan ishonchini yanada orttirish, sud hokimyatini nufuzini oshirish, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini orttirishni ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda sudyalar bilan tarixiy uchrashuv o‘tkazgan. Bu uchrashuv davomida Prezidentimizning “Sudyaning dilida poklik, tilida haqiqat, ongida adolat bo‘lishi kerak” deya aytgan so‘zlari har bir sudьyaning amaliy faoliyatidagi dasturilamal bo‘lishi shart.
Qaysiki sudya o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ko‘ngli dili pok bo‘lib, tili haqiqatdan o‘zga narsani so‘zlamasa, ongida o‘z nafsini, o‘z manfaatini davlat va jamiyat, xalq manfaatidan ustun qo‘yishni o‘ylamasa, u chinakam adolatni yuzaga chiqargan bo‘ladi.
Sud ishlarini yuritishda shaffoflikni ta’minlash, milliy elektron sud tizimining joriy etilishi esa adolatni ta’minlashning mezonlaridan hisoblanadi. Adolat – xukmron, qonun - ustivor bo‘lgan mamlakat barqarordir. Zero, sohibqiron Amir Temur davlatni boshqarishda “Kuch-adolatda” tamoyiliga qat’iy amal qilgan. Adolat har narsadan ustun bo‘lgan Temuriylar davlatining qudrati dunyoni larzaga keltirganiga tarix guvohlik beradi.
Shuningdek, ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish uchun mas'ul bo'lgan alohida organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xo'jalik yurituvchi sub'yektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo'lga qo'yilmoqda. Binobarin, Oliy ta'lim muassasalarida ham “Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish” bo'limlari tashkil etilgani bunga misoldir. Farg'ona politexnika instituti rektorining 2021 yil 19 may kungi buyrug'iga asosan institut shtatlar jadvaliga “Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens nazorat” tizimini boshqarish” bo'limi kiritildi. Bo'lim negizida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha talaba-yoshlar klubi tashkil etildi. Har bir fakultet dekani tomonidan talabalar bilan suhbatlar o'tkazilib, 160 nafar talaba “Talaba yoshlar klubi”ga a'zolikka qabul qilindi.
Institutda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oldini olish, korrupsiogen holatlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish maqsadida talabalarning murojaatlarini elektron qabul qilish uchun “Biz Korrupsiyaga qarshimiz” nomli “FarpiantiKorrupsiya” boti ishga tushurildi.
Jonajon yurtimiz ravnaqi, rivoji yo'lida kelajagimiz egalarini yetuk, bilimli va salohiyatli kadrlar bo'lib yetishishlarida ota-onalar befarq bo'lmasligimiz, ularni ilm olish va halollik bilan o'z kelajagini qurishga, kitobni sevishga o'rgatishimiz, shu bilan birga yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat va ijtimoiy-psixologik immunitetni shakllantirish, jamoatchilik nazoratini yo'lga qo'yishimiz bugungi kunning pirovard vazifalaridandir.
Sherzod Dehkanov
Farg'ona politexnika instituti yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha 1-prorektori
M.Musaxanova
Farg‘ona viloyat sudining
fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi: