Valensiya politexnika universitetida “Yer boshqaruvi, atrof-muhit va qattiq chiqindilar: Markaziy Osiyoda taʼlim va biznesni uygʻunlashtirish” loyihasiga start berildi.
Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ “Oliy taʼlim salohiyatini oshirish” (CBHE) dasturi respublika oliy taʼlim tizimi uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yetakchi oliy taʼlim muassasalari tajribasini oʻrganish va joriy etishda, shuningdek, hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishda oʻzining salmoqli hissasini qoʻshmoqda.
Jumladan, joriy yilda boshlangan mazkur dastur doirasida tanlab olingan “LESLIE: Yer boshqaruvi, atrof-muhit va qattiq chiqindilar: Markaziy Osiyoda taʼlim va biznesni uygʻunlashtirish” loyihasi mamlakatimiz uchun mazkur sohalarda muhandis kadrlarni sifatli tayyorlashda dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi.
Loyiha konsorsiumi Yevropa Ittifoqining 3 ta davlati (Ispaniya, Italiya, Kipr) va Markaziy Osiyoning 2 davlatidan (Oʻzbekiston, Qozogʻiston) jami 14 ta hamkor tashkilotlardan iborat. Loyiha natijasiga koʻra barqaror yer boshqaruvi boʻyicha mikrotrening va oʻquv kurslarini ishlab chiqish, onlayn raqamli didaktik materiallar toʻplamini tayyorlash, tajriba taʼlim inkubatorini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. 26–29-fevral kunlari Ispaniyaning Valensiya politexnika universitetida loyiha ijrochilarining dastlabki uchrashuvi tashkil etildi.
Unda LESLIE loyihasining barcha hamkorlari (Italiyaning Kassino universteti, Kipr universiteti, Oʻzbekistondan Fargʻona politexnika universiteti, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Buxoro davlat universiteti, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti, Buxoro tabiiy resurslar boshqarish instituti, Qozogʻistondan Qozogʻiston milliy universiteti, Kokshetau unviersiteti, Xoja Axmad Yassaviy universiteti, Qozoq-Turk universiteti, shuningdek, Oʻzbekiston hamda Qozogʻiston vazirlik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir dastlab loyihaning ochilishi boʻyicha rasmiy marosim bilan boshlandi hamda Valensiya politexnika universiteti rektori José E. Capilla Romá barcha ishtirokchilarni tabrikladi.
Tadbirlar davomida loyiha rejasi boʻyicha qoʻyilgan maqsadlarga erishish yuzasidan amaliy harakatlar muhokama qilindi hamda loyiha koordinatori professor Javier Rodrigo-Ilarri tomonidan tegishli koʻrsatmalar berildi. Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi masʼullari Abdusamad Mamanazarov hamda Ulug‘bek Xodiyevlar ishtirok etishib, loyiha yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarni berishdi.
Uchrashuvda institutdan geodeziya, kartografiya va kadastr kafedrasi dotsenti, PhD Xakimova Kamolaxon Raximjonovna hamda iqtisodiyot kafedrasi professori Yunusov Alisher Ro‘zimatovich ishtirok etishib, loyiha doirasidagi hamkorlarga Farg‘ona politexnika instituti to‘g‘risidagi taqdimot bilan ishtirok etishdi.