Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi o‘rinbosari Umar Ismoilov, Farg‘ona viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, institut rektori O‘ktam Salomov, Farg‘ona viloyatidagi sanoat va boshqa sohalarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yirik korxona-tashkilotlar mutasaddilari hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi.
Dastlab, mehmonlar institutning Xor jamoasi ijrosida "FarPI madhiyasi" bilan kutib olindi, so'ngra institut rektori O'.Salomov boshchiligidagi mehmonlar oliygohda tahsil olayotgan iste'dodli talabalarning o‘z sohasida amalga oshirgan innovatsion loyihalari va ijodiy ishlanmalar bilan tanishdi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda esa institut rektori hamda hokim o‘rinbosari birgalikda ta'lim sohasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida Farg‘onalik yoshlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritib, o‘sib kelayotgan har bir yosh avlod vakili ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanishi zarurligini ta'kidladi.
Uchrashuv davomida talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishlari uchun yetarli shart-sharoitlar hozirlash, institutni tamomlagach ularni sohalariga mos ish o‘rni bilan band qilish masalalari muhokama qilindi. Bu borada viloyatda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlar mas'ullari o‘z takliflari va talablari bilan talabalarni tanishtirib o‘tdilar. Yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob oldilar.
Erkin muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatimizning investitsiyaviy hamda turistik salohiyatini oshirish borasida talabalarning takliflari ham tinglandi. Sohaning rivojlanishida samarali deb topilgan takliflar tez fursatda amaliyotga tadbiq etilishi ma'lum qilindi.