Har bir rahbar oʻz strategik yoʻnalishiga ega boʻlishi shart


Har bir rahbar oʻz strategik yoʻnalishiga ega boʻlishi shart

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”dagi farmonida oʻrta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻla olishlari qayd etilgan edi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori ham qabul qilindi. Shunga asoslanib Fargʻona politexnika instituti huzuridagi Fargʻona shahar sanoat va xizmat koʻrsatish texnikumi hamda Zarkent xizmat koʻrsatish texnikumi tashkil etilgan boʻlib, bu yil ilk qaldirgʻochlar mazkur muassasani tamomlaydi.

Suhbat jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish va uning shaffof tashkil etilishi boʻyicha institut rektori Oʻ.Salomov mazkur texnikum direktorlariga yigʻilish oʻtkazdi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda boʻlib oʻtgan yigʻilishda Zarkent xizmat koʻrsatish texnikumi direktori Muxiddin Gʻofurovni rektor Oʻ.Salomov ish faoliyatiga masʼuliyatsiz yondoshgani va berilgan topshiriqlarni vaqtida bajarmagani uchun qattiq tanqid qilib, unga ogohlantirish berdi.

— Har bir rahbar oʻzi uchun strategik yoʻnalishlarni belgilab olishi kerak. Jamoasi bilan bir yoqadan bosh chiqarib, taʼlim rivoji uchun xizmat qilish darkor. Muhimi yurtboshimizning bizga qaratayotgan eʼtiborini oqlashi va unga munosib boʻlish lozim,— deydi Oʻ.Salomov.

Foydali havolalar

Farg'ona davlat texnika universiteti