Dastlab universitet majlislar zalida oliygoh rektori Rustam Tojiyev hamda kompaniya vakillari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish orqali yuqori hosildorlikka erishishga qaratilgan istiqbolli loyiha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Turk kompaniyasi tomonidan mikroko‘katlar yetishtirishga ixtisoslashgan innovatsion loyiha taqdim etildi. Ushbu tashabbus doirasida zamonaviy vertikal ferma texnologiyalarini joriy etish, ya’ni yopiq binolarda ko‘p qavatli usulda, tuproqsiz — gidroponika orqali mahsulot yetishtirish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Muzokaralar jarayonida universitet rektori R.Tojiyev O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik aloqalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi global ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab, kelgusida Farg‘ona viloyatida ushbu agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda mazkur korxona bilan hamkorlikda yoshlarni o‘qitish va mahalliy mutaxassislar tayyorlash ishlarini amalga oshirish haqida qayd etib o'tdi.