O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2022 yil 15 avgustdagi “Kredit-modul tizimi bo‘yicha bo‘yicha seminar-trening o‘tkazish to‘g‘risida”gi 268-sonli buyrug‘iga asosan, joriy yilning 17 avgust kuni Farg‘ona politexnika institutida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’limini rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori Muzaffar Esonov viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari o‘quv ishlar bo‘yicha prorektorlari hamda o‘quv uslubiy bo‘lim boshliqlari bilan seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda kredit-modul tizimini joriy o‘quv yilida keng targ‘ib qilish va uni talabalarga keng ma’noda tushuntirish, fan va kasb tanlashga to‘g‘ri yo‘naltirish, bu tizimda oliy ta’lim muassasalarida duch kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida muhokamalar amalga oshirildi.
Germaniya ta’lim tizimida Frayburg va Haydelberg pedagogika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura misolida kredit-modul tizimlari asosida o‘quv jarayonlari tushuntirildi.
Seminar-trening davomida institutning o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori J. Kambarov “Kredit-modul tizimi zamonaviy ta’limning ilg‘or tajribasi” mavzusida ishtirokchilarga ma’lumot berib o‘tdi.
Ushbu kredit-modul tizimida birinchi o‘rinda talaba o‘zi mustaqil fan tanlashi, uni o‘zlashtirishi va semestr davomida fanlardan zarur kreditni to‘plashi zarur bo‘ladi. Bu esa talabaning ta’lim jarayonida olgan bilimlari ustida bir qator ishlashlarni mustaqil bajarish qobilyatiga ega bo‘ladi. Buning natijasida esa, talaba kelajakda yurtga kerakli kadr bo‘lishiga xizmat qiladi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, institutdagi kredit-modul tizmi bilan yaqindan tanishdi.