#FarPI OAV nigohida


Fargʻona politexnika instituti rektori Oʻktam Salomov joriy yilning 12-17-iyun kunlari Yaponiyaga tashrifi doirasida kunchiqar oʻlkadagi bir necha nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamda yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator kelishuvlarga erishgan edi.

Bu borada oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga yangi texnologiyalarni joriy qilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yapon korxonalari bilan hamkorlikda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, ularni institutda mavjud spin-off korxonalariga jalb etish hamda bu orqali taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, talabalar uchun yirik amaliyot bazalarini tashkil etish boʻyicha aniq reja, maqsad va vazifalar belgilab olindi.

Yaponiyaning Villtec va Nippondo kompaniyalari boshqaruv rahbarlari janob Takaxiro Nishi va Toshixaru Shimizu bilan Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida uyushtirilgan uchrashuv doirasida Fargʻona politexnika institutida Yapon tili va madaniyatini oʻrgatish markazini tashkil etish imkoniyati va istiqbollari boʻyicha samarali muzokaralar olib borildi.

Taʼkidlash joizki, Yaponiyaning Villtec kompaniyasining asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri yirik sanoat korxonalariga xorijdan malakali va salohiyatli kadrlarni jalb etish va ishga joylashtirish hisoblanadi. Fargʻona politexnika institutida tashkil etiladigan markaz Fargʻona viloyati yoshlari uchun Yaponiyaning yirik kompaniyalarida ishlash imkoniyatini yaratadi.

Oʻzaro kelishuv doirasida Nippondo kompaniyasi ijrochi direktori Doniyor Nazirov Fargʻona politexnika institutiga tashrif buyurdi. Tashrif mobaynida institut moddiy-texnik bazasi hamda taʼlim olishga yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. Institut rektori Oʻktam Salomov bilan oʻtkazilgan muzokarada markaz ochilishi boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish, uning asosiy faoliyat yoʻnalishlarini aniq belgilash hamda Villtec kompaniyasi boshqaruv rahbarlarining Fargʻona politexnika institutiga tashrifini amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi.

Muzokaralar soʻngida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ilmdorjon Jahongirov,

Fargʻona politexnika instituti Xalqaro hamkorlik aloqalari boʻyicha prorektori.

Foydali havolalar

Farg'ona davlat texnika universiteti